O’zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Buxoro shahar jamiyati tomonidan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam markazida davra suhbati o’tkazildi. Tadbirda IHHQJ federatsiyasi Buxoro shahar jamiyati raisi, bo’lim mutaxassisi R.Djumayev, Markazning malakali mutaxassislari, tibbiyot xodimlari va jamoat vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu davra suhbatida IHHQJ jamiyat raisi K. Hafizov so'zga chiqdi va O'zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi qonuni va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoa ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 414-sonli qarori mazmun va mohiyatini, hamda iste'molchilar ijtimoiy harakatining ahamiyati va roli to'g'risida, shuningdek, O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining tarkibiy tuzilishi, uning Ustavi, maqsadi, vazifalari va ular tomonidan iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish borasidagi olib borilayotgan ishlar to'g'risida gapirib, har bir fuqaro bir vaqtning o'zida iste'molchi ekanligi va iste'molchi maqomini faqat iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga a'zo bo'lgan holdagina to'liq ijrosini ta'minlanishi mumkinligini ta'kidlab, yig'ilish qatnashchilarini Federatsiyaga a'zo bo'lishga chaqirdi.
Shu bilan bir qatorda davra suhbatida Germaniya tajribasi haqida ham so'z yuritildi. Qayd etilishicha, Germaniyada iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi ancha rivojlangan va u yerdagi amaliyotlar biz uchun namunali hisoblanadi. Germaniyada iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda davlat va nodavlat tashkilotlar o'rtasidagi hamkorlik yuqori darajada tashkil etilgan bo'lib, iste'molchilarning huquqlari va manfaatlari keng qamrovli qonunchilik asosida himoyalanadi. Ushbu tajriba asosida O'zbekistonda ham iste'molchilarning huquqlarini samarali himoya qilishni yo'lga qo'yish uchun qator takliflar bildirilganligi ta’kidlab o’tildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o’zlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar va jamiyat raisi ishtirokchilarga o'z minnatdorchiligini bildirib, kelgusida ham bu kabi uchrashuvlar va davra suhbatlarini o'tkazish niyatda ekanligini ma'lum qildi.